Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan matbuot anjumanida Bandik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ma`lum qildi:
«Yangi tahrirdagi «Aholi bandligi to`g`risida»gi qonun kuchga kirishi bilan ishsizlik nafaqasini to`lash tartibi ham o`zgaradi.
Agarda avval ishsizlik nafaqasi ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotganlarga 12 oylik davr mobaynida faqat 13 hafta to`langan bo`lsa, endilikda ishsizlik nafaqasi barcha toifadagi ishsiz shaxslarga 12 oylik davr ichida 26 kalendar hafta davomida to`lanishi belgilanmoqda. Ishsizlik nafaqalari quyidagi miqdorlarda to`lanadi:
- ishdan va ish haqidan so`nggi 12 oy davr ichida mahrum bo`lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o`rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to`lashning eng kam miqdoridan oz bo`lmagan va nafaqani hisoblash paytidagi o`rtacha ish haqidan ortiq bo`lmagan miqdorda;
- ishdan va ish haqidan mahrum bo`lgan hamda uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida (1 fevraldan 747 300 so`m);
- ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslar uchun — belgilangan mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida.
Mazkur choralar natijasida ishsizlar ish qidirish davrida moddiy qo`llab-quvvatlanadi va 80 mingga yaqin ishsizlarga nafaqalar tayinlanadi».






