2021 yilning 25 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O`zbekiston Respublikasining Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo`lga qo`yish masalasini o`rganishni tashkil etish bo`yicha ishchi guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda Qonunchilik palatasining O`zbekiston Respublikasining Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo`lga qo`yish masalasini o`rganishni tashkil etish bo`yicha ishchi guruhi rahbari Akmal Saidov, ishchi guruh a`zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur ishchi guruhining maqsadi EOIIga a`zolikning ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur tahlil qilish, milliy iqtisodiyotga ta`sirini o`rganish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqbollariga o`zaro bog`liqligini har tomonlama ko`rib chiqishdan iboratdir.
Yig`ilish ishtirokchilari O`zbekiston Evroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olganligi hamda ushbu tashkilotga a`zo bo`lgan davlatlar bozorlarida to`laqonli ishtirok etishi uchun hamkorlikning huquqiy tartibga solish mexanizmlarini chuqur o`rganish, milliy texnik tartibga solish me`yorlarini EOII talablariga moslashtirish bo`yicha ishlarni jadallashtirish zarurligini ta`kidlashdi. EOII bilan O`zbekiston o`rtasida hamkorlik ishlarini samarali tashkil etish maqsadida 2021 yilga mo`ljallangan “Yo`l xaritasi” loyihasi atroflicha muhokama qilinib, tasdiqlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tuzilgan mazkur ishchi guruhi yig`ilishida bildirilgan taklif va mulohazalarni tegishli mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlarga etkazish va ijrosi ustidan parlament nazoratini o`rnatishga oid aniq chora-tadbirlar belgilandi.






