2021 yil 1 fevraldan boshlab barcha turdagi (talaba, o`quvchi, nafaqa hamda aholi uchun) mo`ljallangan qog`oz ko`rinishidagi oylik yo`l chiptalari sotuvga chiqarilmaydi. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" Aksiyadorlik Jamiyati Axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2021 yil 1 fevraldan boshlab imtiyozli elektron oylik yo`l chiptalari uchun belgilangan kunlik tariflar faollashtiriladi (aktivlashtiriladi).
Shu bilan birga, elektron oylik yo`l chiptalarini birinchi bor xarid qilayotgan yo`lovchilarning transport kartalarida 30 kunlik tarif avtomatik tarzda yoqiladi.
Eslatib o`tamiz, sotib olingan elektron oylik yo`l chiptalaridagi tariflar birinchi to`lovni amalga oshirgan kundan boshlab, tarifda belgilangan kunga qadar amal qilinadi.
“Barcha turdagi transport kartalari 3 yil muddat foydalanish uchun taqdim etiladi. Har oy yangi elektron oylik yo`l chiptalari harid qilish lozim bo`lmaydi. Faqatgina o`zingizga qulay tariflarni yuklab olish kifoya bo`ladi”,–deyiladi "Toshshahartransxizmat" axborotida.






