2021 yil 23 yanvar kuni Hukumat qarori bilan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlariga ko`maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
“Nizomga ko`ra, Chegara qo`shinlariga ko`maklashuvchi “Chegara posbonlari” otryadlari (ko`maklashuvchi otryadlar) chegara zonasida, davlat chegarasiga tutash tumanlarda yashovchi fuqarolar, shuningdek, davlat chegarasi yaqinida joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda ishlayotgan ishchi va xizmatchilardan tashkil etiladi.
Ko`maklashuvchi otryadlar a`zoligiga sog`lom, fuqarolarning huquq va erkinligini hurmat qiladigan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo`lgan O`zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi.
Chegaradosh aholi punktlarida amalga oshiriladigan tadbirlarda Chegara qo`shinlari nazorati ostida qatnashish, belgilangan hududlarda kuzatuv olib borish va faoliyatining tungi vaqtlarida jamoat joylari, mahalla ko`chalari va chegaradosh hududlardagi qarovsiz joylarda tungi patrullik faoliyatida ishtirok etish ko`maklashuvchi otryadlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ko`maklashuvchi otryad Chegara qo`shinlari harbiy qism bo`linmalari huzurida 1 nafar sardor va 9 nafargacha bo`lgan otryad a`zolaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
A`zolikka qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmaydi va ish staji hisoblanmaydi.
Ko`maklashuvchi otryadga qabul qilish va ro`yxatdan chiqarish Chegara qo`shinlari va harbiy qism komandirining buyrug`i asosida amalga oshiriladi.
Ko`maklashuvchi otryad a`zolariga guvohnoma berilib, guvohnoma shakli va uni berish tartibi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilishda, zarurat tug`ilganda, ko`maklashuvchi otryad a`zolari o`zlarining asosiy ish joyi ish beruvchisi roziligi asosida faoliyatidan yil davomida jami 30 ish kunidan oshmagan holda vaqtincha ozod qilinadi va bunda ularning ish staji hamda o`rtacha oylik maoshi o`z holicha saqlanib qolinadi.
Ko`maklashuvchi otryad a`zolariga quyidagi miqdorda oylik to`lovlari belgilanadi:
sardorlarga – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 1,41 baravarigacha;
a`zolarga – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 1,06 baravarigacha”,– deyiladi vazirlik axborotida.






