AsosiyJamiyat

“Uzbekistan Airports” Xalqaro aeroportlar kengashiga a`zo bo`ldi

'“Uzbekistan Airports” Xalqaro aeroportlar kengashiga a`zo bo`ldi'ning rasmi

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati butun jahon aeroportlarini birlashtirgan Airports Council International (ACI) tashkilotiga rasman a`zo bo`ldi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma`lum qildi.

O`zida 670 a`zoni birlashtirgan “Xalqaro Aeroportlar Kengashi” (ACI) 176 mamlakatdagi 1 ming 979 ta aeroportga xizmat ko`rsatib kelmoqda. ACI shuningdek Xalqaro havo transporti assosiasiyasi (IATA), Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti (ICAO), Fuqaro aviasiyasida aeronavigasiya xizmatini ko`rsatish tashkiloti (CANSO) bilan ham hamkorlik qilib keladi.

“Uzbekistan Airports” AJ rahbariyati ACI bilan boshlangan onlayn muloqotlar 2020 yilning oxirlarida nihoyasiga etdi.

Muloqotda O`zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida parvozlar xavfsizligini ta`minlash, yo`lovchilarga sifatli xizmat ko`rsatish, havo darvozalarini dunyo talablari darajasida modernizasiya qilish, parvozlar ko`lamini kengaytirish masalalariga e`tibor qaratildi. O`zbekiston tomonidan tashkilotga taqdim qilingan hujjatlar bir ovozdan ma`qullandi. A`zolik talablarini bajarish va galdagi vazifalar yuzasidan fikrlar tinglandi. O`z navbatida kelgusi rejalar ham belgilab olindi.

“Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi tarkibiga qabul qilinishi tizimli o`zgarishlarga sabab bo`lishi shubhasiz.

A`zolik avvalo xizmatlar ishonchliligini kafolatlaydi. Qolaversa, mamlakatda havo transporti tizimini tubdan isloh qilish, soha faoliyatini xalqaro me`yorlarga tenglashtirish, sayyohlikni rivojlantirish, investisiyalar oqimini jadallashtirishda ACI xizmatlariga tayaniladi.

Umuman olganda, har qaysi davlatning aviasiya sohasida aeroportlar manfaatlari ifodalangan siyosatni ilgari surish, aviasanoatni yangi hamkorlar, ishonchli sheriklar ko`magida taraqqiy ettirish va barqarorlikni ta`minlash muhim o`rin tutadi. Shu jihatdan olib qaraganda, “Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi ro`yxatidan munosib o`rin egallagani O`zbekiston aviasiyasi sohasida muvaffaqiyatlar sari qo`yilgan navbatdagi qadam deyish mumkin.

    Boshqa yangiliklar