Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq bankining Andijon viloyati Asaka filialida yuzaga kelgan uzun navbatlar yuzasidan videolavha tarqaldi.
Bank Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, bugungi kunda Xalq bankining Asaka filiali tomonidan 14 mingdan ortiq fuqarolarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari to`lab berilmoqda. Joriy yil yanvar oyida mazkur filial tomonidan 3,5 mingdan ortiq ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari oluvchilarga plastik kartalar ochilgan.
19-20 yanvar kunlari esa Asaka tumani moliya bo`limi tomonidan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari moliyalashtirilgan. Ushbu mablag`lar 3,5 mingdan ortiq fuqarolarning plastik kartalariga o`tkazilib, ularni tarqatish boshlangan.
O`z plastik kartasini olish uchun yuqoridagi fuqarolarning bir vaqtda bankka kelishi hamda plastik kartalaridagi mablag`larni naqdlashtirishga bo`lgan urinishi sababli Xalq banki Asaka filiali oldida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan.
Hozir fuqarolarga plastik kartalarni tarqatish ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida plastik kartalar mahallalar kesimida tarqatilishi yo`lga qo`yildi.






