Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev «O`zavtosanoat»ning monopoliyasi haqida ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy blogida fikrlarini bildirdi:
Imtiyozlar iqtisodiyotda halol raqobatning yo`qolib, iste`molchilarga tanlovsiz, sifati past mahsulot va xizmatlardan majburan foydalanishga olib kelishi mumkin.
Afsuski, so`nggi vaqtlarda ayrim monopolistlarga berilayotgan alohida ustun huquqlar aholi ijtimoiy kayfiyatiga salbiy ta`sir o`tkazmoqda.
Chunki aholi shu sohada o`zi istagan sifatli, arzon mahsulot va xizmatdan foydalana olmayapti. Bular qatoriga boqimanda «O`zavtosanoat» tarkibidagi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar ham kiradi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus sanoat zonasi “Andijon viloyati sanoat xabi”ni tashkil etish chora tadbirlari to`g`risida”gi ID-26203 (V-1) qarori loyihasida ko`zda tutilgan (https://t.me/the_bankiroff/1989) imtiyozlar shunday xulosaga olib kelayapti: halol va teng sharoitda ishlashga ishongan korxona o`z maqsadlariga Prezident nomidan foydalanib erishmaydi.
Loyihadagi toqat qilib bo`lmas vaziyat: ayrim yurtdoshlarimiz ilojsizlikdan bir parcha sug`oriladigan erda «o`zboshimcha», deb topilayotgan boshpanalarining buzilishidan hadiksirab kun o`tkazayotgan bir vaqtda uzoq yillar shohona imkoniyat va imtiyozlar qurshovida yashagan «O`zavtosanoat»ga (Sanoat xabi) yana 100 gektarlik sug`oriladigan er maydoni beg`araz berilmoqchi. 5-6 sotixmas 100 gektar.
Kulgilisi oziq-ovqat xavfsizligiga «o`zboshimcha» uy qurib yashayotgan kambag`al aholi xavf solayapti, deb bong uramiz, kambag`alni qiynaymiz. Yuzlab gektar sug`oriladigan erlarni egallayotgan monopolistlar esa oppoq, ideal.
Bu ham etmagandek hamma erni auksion orqali olsa, «O`zavtosanoat» auksionsiz olmoqchi.
«Prosta» bez emas, sal bet bo`lishi kerak.
Yana bir gap «O`zavtosanoat» ta`sis etadigan korxona 100 gektar erdan tashqari 2023 yil 1 yanvarga qadar import qilinadigan qurilish materiallari, uskunalar, qurilish texnikasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarini xorijdan olib kelishda bojxona to`lovlaridan ozod bo`lmoqchi. Yana imtiyoz…
Umid qilamanki, adolatli, kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo`lida ketayotgan bir vaqtda «bir to`da» ko`zga ko`rinmas shaxslarning lobbizmi ekanligi ko`rinib turgan bunday loyiha qabul qilinmaydi.






