«103» xizmati 2019 yilda 10 millionga yaqin chaqiriqni qabul qilgan bo`lsa, 2020 yilda bu ko`rsatkich 11 yarim millionga yaqinlashdi. Shundan o`tgan yilida eng ko`p chaqiriqlar Farg`ona, Andijon, Toshkent, Namangan viloyatlari va poytaxtimizda (1 milliondan ziyod) kelib tushgan bo`lib, eng kam murojaat Navoiy (355 mingdan ortiq) hamda Sirdaryo (384 mingdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan.
2020 yilgi murojaatlar soni oshganligini pandemiya sharoiti bilan bog`lash mumkin. Chunki karantin davrida «COVID-19» ni yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni afzal ko`rmaganlarning aksariyati «tez yordam»ga qo`ng`iroq qilishdi, deb xabar bermoqda SSV.
Eslatib o`tish lozimki, tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yo`lga qo`yish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi dasturchilar markazining Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan hamkorlik loyihasi amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida xizmat mutaxassislari faoliyatda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, qo`ng`iroqlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, ma`lumot almashish va tez tibbiy yordam brigadalarini boshqarish bo`yicha o`qitildi.
Yangi tizimga ko`ra, bir marotaba olingan ma`lumotlar tizimda elektron tarzda brigadaga to`g`ridan to`g`ri uzatiladi va bu bilan vaqtning bir necha marotaba kamayishi va tejalishiga olib keladi. Bu tizim o`rnatilishidan avval esa chaqiriq xaqidagi barcha ma`lumotlar avval dispetcher tomonidan qog`ozga tushirib olinar edi.
Shundan so`ng, telefon orqali brigadalarni yo`naltiruvchi ikkinchi dispetcherga aytilib, u ham qog`ozga yuqoridagi ma`lumotlarni qayta tushirib, brigadaga shu ikkinchi marta to`ldirilgan qog`oz bilan xabar uzatar edi.
Qolaversa, yangi tizim orqali chaqiriqdan bo`sh bo`lgan va chaqiriq manziliga eng yaqin bo`lgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish imkoni yaratilgan va ularning harakati onlayn kuzatib boriladi.
Bundan tashqari, yurtimiz bo`ylab shoshilinch yordam ko`rsatish xizmatlari tizimida sall-markazlar tashkil etilib, u erda shifokorlar ham faoliyat yuritishi va lozim bo`lganida bemorlarga «tez yordam» mashinasi etib kelgunicha telefon orqali konsultasiya qilib, uning yonidagi insonga birinchi yordam ko`rsatish bo`yicha ko`rsatmalar berib, bemorning hayotini qutqarib qolishga ko`maklashishi aholi salomatligini muhofazalashda muhim omil bo`lmoqda.






