Qozog`iston tomoni Turkistondan Toshkentga qadar tezyurar temir yo`li qurilishi boshlanishi haqida ma`lumot bergan. Bu haqda euroasia.me sayti xabar berdi.
Xabarga ko`ra, yaqin muddatda Qozog`iston tomonidan Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temir yo`li qurilishi boshlanadi. Bu haqda Qozog`iston bosh vaziri Asqar Mamin hukumatning kengaytirilgan yig`ilishida ma`lum qilgan.
«Ushbu loyiha turizm sohasida yangi 22 ming ish o`rnini yaratib, sayyohlar oqimini 50 foizga ko`paytirishga yordam beradi. Shuningdek, iqtisodiyotning turdosh sohalarida 100 ming ish o`rni yaratiladi», – dedi mamlakat bosh vaziri.
Maminning so`zlariga ko`ra, ayni paytda Qozog`istonda ichki turizm salohiyati 4,5 million sayyohni jalb etgan. Turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,2 foizni tashkil etgan.
Avvalroq, Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temir yo`li qurilishini O`zbekiston bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Qozog`iston bosh vazirining o`rinbosari Roman Sklyar muhokama qilgan.
Eslatib o`tamiz, Toshkent shahridan Qozog`istonning Janubiy Qozog`iston oblasti markazi Chimkent shahriga avtobus qatnovi yo`lga qo`yilgan.






