Prezident farmoni (PF-6146, 26.01.2020y) bilan ayrim hujjatlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Farmonga ko`ra, Prezidentning islohotlarni huquqiy ta`minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchisi bo`linmalarining Fuqarolik, afv etish va siyosiy boshpana berish masalalari bo`yicha sho``basi – O`zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchisi bo`linmalarining fuqarolik va afv etish sho``basi etib o`zgartirildi.
Endilikda Prezident mahkumning yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxsning afv etishni so`rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat`i nazar o`z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxsni afv etishi mumkin.
Bu haqda Sho``baga Prezidentning topshiriq xati yuboriladi.
Sho``ba Prezidentdan topshiriq xatini olgan kundan e`tiboran 1 ish kuni ichida Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo`yicha Komissiyasi a`zolariga majlis o`tkazilishi kuni va joyi haqida xabar beradi.
Komissiya majlisi yakunida bo`yicha Sho``ba tomonidan mahkumlarni yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxslarning shaxsini va hujjatlarini o`rganish uchun ishchi guruhlar shakllantiriladi va ularning joylarga chiqishi tashkil etiladi.
Ishchi guruh Komissiya muhokamasiga kiritish uchun hujjatlari ajratib olingan mahkumlardan yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxslardan ularga nisbatan afv etish masalasi ko`rib chiqilishiga e`tirozi yo`qligi haqida rozilik xati oladi. Rozilik xatiga zarur hujjatlar ilova qilinadi.
Mahkum yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxs rozilik xatini yozmagan taqdirda, uning hujjatlari Komissiyaning muhokamasiga kiritilmaydi.
Komissiya ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni muhokama qilib, afv etilishi mumkin bo`lgan mahkumlar yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxslar bo`yicha bayonnoma qarorini qabul qiladi va Prezidentga taklif kiritadi.
Komissiyaning mahkumni yoki jazoni o`tab bo`lgan shaxsni afv etishga tavsiya qilishni rad etganligi, ularga kelgusida afv etishni so`rab iltimosnoma bilan murojaat qilishga monelik qilmaydi.






