O`zbekistonda 2021 yilning 1 fevralidan tibbiyot xodimlarini ommaviy emlash jarayonlariga tayyorlash bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
"Koronavirus kasalligiga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus “Xavfsiz immunizasiya” shartlari bo`yicha tayyorgarlikdan o`tkazish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va vaksinatorlar ro`yxati shakllantirildi.
“2021 yilning 1 fevralidan tibbiyot xodimlarini ommaviy emlash jarayonlariga tayyorlash bo`yicha bilim saviyalarini oshirishga qaratilgan trening va seminar mashg`ulotlari o`tkazilishi rejalashtirildi”, - deyiladi ma`lumotda.
Bildirilishicha, Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi koronavirus rekombinant vaksinaning xavfsizligi va COVID-19 infeksiyasi oldini olishdagi samaradorligini aniqlash maqsadida III faza klinik tadqiqotlari o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, 5000 nafar ko`ngillilar orasida immunizasiya tadbirlari o`tkazilishi uchun vaksina olib kelingan.
Respublikaga 8 nafar xitoylik mutaxassislar tashrif buyurgan, bugungi kunda Innovasion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 3-faza klinik bosqichi o`tkazilmoqda" deyiladi xabarda.






