Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyati Kogon shahar to`rtta sektor rahbarlarini yoshlar bilan tizimli ish tashkil qilmagani uchun lavozimidan ozod qilishni tayinladi. Bu haqda «O`zbekiston 24» telekanali orqali namoyish etilgan lavhada xabar qilindi.
Xabaringiz bor, 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalarga bag`ishlab videoselektor yig`ilishi o`tkazilgan edi. Yig`ilishda davlat rahbari yoshlar o`rtasidagi muammolarni aniqlash va tizimli hal etish borasida haligacha ko`plab kamchilik hamda muammolar saqlanib qolayotganini ta`kidlagan.
«Misol uchun, Kogon shahar 2-sektor rahbari, shahar prokurori Yarashev yoshlar bilan uchrashuvda ularning uch nafarini bir hafta muddatda ish bilan ta`minlayman deb va`da bergan, lekin oradan bir oy vaqt o`tgan bo`lsa-da, natija yo`q», — deya qayd etadi Prezident.
Shuningdek, Prezident Kogon shahridagi qolgan sektor rahbarlari ham mahallalarga tushib ishlamayotganini ta`kidlagan.
«Tuman hokimi Hoshimov, ichki ishlar boshlig`i Javkashov, soliq idorasi boshlig`i Bobomurodov... Buning ustiga yoshlarning kasb-hunarga o`qitish, bandligini ta`minlash yoki tadbirkorlikka jalb qilish ham o`z holiga tashlab qo`yilgan», — deydi Shavkat Mirziyoev.
Davlat rahbari Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga yuqorida ismlari keltirilgan rahbarlarning barchasini lavozimidan bo`shatish, prokurorga esa ularning bir yillik ish haqini kassaga to`latish bo`yicha topshiriq berdi.






