Ayni daqiqalarda AOKAda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida «Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatining joriy holati va istiqboldagi vazifalar» mavzusida matbuot anjumani o`tkazilmoqda.
Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Jamshid Sultonovning ma`lum qilishicha, bugungi kunda 43 ta jazoni ijro etish muassasasi va 11 ta tergov hibsxonasi mavjud. Ularning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi.
Unga ko`ra, Jazoni ijro etish tizimidagi koloniyalarning sig`imiga nisbatan saqlanayotgan shaxslar 56,4 foizni, bo`sh o`rinlar 43,6 foizni tashkil qiladi.
Ma`lumot uchun: So`ngi to`rt yilda jazo muddatini o`tayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirishga qaratilgan 3 ta qonun, 5 ta Prezident qarori, 8 ta Hukumat qarori va farmoyishlari, 14 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Qonunchilikdagi ushbu yangiliklarga ko`ra, mahkumlar uchun quyidagi sharoitlar yaratilgan:
▫️ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan hamda uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi;
▫️BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” qonunchiligimizga implementasiya qilindi;
▫️yopiq turdagi muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so`zlashuvlari, uchrashuvlari va jo`natma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobarga ko`paytirildi;
▫️ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qo`llanilmasligi kafolatlandi;
▫️shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni Sog`liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirish qonunan mustahkamlandi;
▫️manzil-koloniyalarda jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarga pensiya va ijtimoiy sug`urta to`lash huquqi berildi;
▫️mahkumlarning jazo muddatini o`tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi;
▫️adolatli mezonlar asosida mahkumlarga rag`batlantirish choralarini qo`llashni alohida tartibi belgilandi. Bu borada jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik vakillari, Ombudsman, xalq deputatlari hududiy kengashlaridan iborat maxsus Komissiyalar faoliyati yo`lga qo`yildi.
▫️mahkumlarni tarbiyalashda ularning ota-onalari roli kuchaytirilib, voyaga etmagan mahkumlarning ota-onalari bilan uchrashuvlariga nisbatan cheklovlar olib tashlandi;
▫️mahkuma ayollarning bolalar uyida tarbiyalanayotgan voyaga etmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi joriy etildi.






