Qo`qon shahrida “Muruvvat” nogironligi bo`lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Farg`ona viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Qo`qondagi “Muruvvat” nogironligi bo`lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi binosi 2000 yildan buyon kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagani sababli ancha ta`mirtalab ahvolga kelib qolgandi.
Yangi qurib foydalanishga topshirilgan ikki qavatli, 80 o`ringa mo`ljallangan mazkur binoni bunyod etish uchun 4 milliard 50 million so`m mablag` sarf etildi. Binoga yangi mebel jihozlari ham olib kelindi.
Shuningdek, 2020 yilga mo`ljallangan mablag` hisobidan 33 o`rinli reabilitasiya bo`limi binosiga qo`shimcha 20 o`rinli bino qurilib, jami 53 o`ringa moslashtirildi.
Ayni patyda 120 o`rinli madaniy tadbirlar va yig`ilishlar o`tkazish zali, kirxona binosini kurish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha muruvvat uyining mavjud 3 qavatli binosini kapital ta`mirlash, yozgi dam olish ayvonchasi qurish, kanalizasiya tarmog`ini to`liq yangilash, zamonaviy isitish qozonxonalari o`rnatish, muassasa hududini asfalt qilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Muruvvat uyining yangi binosining ochilish marosimida Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi tibbiy ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori A. Inakov, Qo`qon shahar hokimi M. Usmonov, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi mutasaddi rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so`z olganlar yangi binoni qurishda jonbozlik ko`rsatgan quruvchilarga samimiy minnatdorchilik bildirishdi.