Sardoba toshqinidan jabr ko`rganlarga uy ajratilishi bo`yicha 724 ta murojaat rad etilgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi o`rinbosari O`lmasjon Mamadaminov ochiq muloqot tarzida o`tgan brifingda ma`lum qildi.
«Ishchi guruhlar tomonidan uy-joylar taqsimlanishida birinchi navbatda hujjatlarida muammosi bo`lmagani uchun 1 430 ta xonadon egalariga to`g`ridan-to`g`ri berilib, ko`p qavatli uylarning 1-qavatiga birinchi navbatda oilasida nogironligi bo`lgan bolalar yoki og`ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolalar, shuningdek I yoki II guruh nogironi bo`lgan shaxslar va yolg`iz pensionerlar joylashtirildi.
Muammo va kamchiliklari bo`lgan 724 ta hujjatlar Xalq deputatlari tuman Kengashlari sessiyalarida ko`rib chiqilib, sessiya qarorlariga asosan uy ajratilishi rad etildi.
Jumladan, o`rganishlar natijasida 187 tasini — yashaydigan uyi bo`lgani uchun, 232 ta xonadonga tegishli uylar — Qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan yaroqli deb topilgani, 4 ta xonadon — noturar joy bo`lgani, 3 ta xonadon — qurilish qilish mumkin bo`lmagan joyda qurilgani va 298 ta xonadon — qurilishi yakunlanmagan (faqat poydevori bo`lgan yoki 2-3 qator g`isht ko`tarilgan), kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun qurilgan vaqtinchalik uylar (vremyanka) ekanligi aniqlandi», dedi Sirdaryo viloyati hokimi o`rinbosari.
28.01.2021 15:23
Sardoba toshqinidan jabr ko`rganlarga uy ajratilishi bo`yicha 724 ta murojaat rad etilgan — O`lmasjon Mamadaminov






