Vazirlar Mahkamasining «O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Konsepsiya BMTning «Yoshlar–2030» strategiyasida belgilangan «Yoshlar manfaatlarini ko`zlab, ular bilan ishlash» bosh tamoyiliga asoslanadi. Hujjat bilan Konsepsiyani 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo`yicha «yo`l xaritasi» tasdiqlandi. Konsepsiya 2023 yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli «yo`l xaritalari» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Yoshlar ishlari agentligiga vazirlik va idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshirish topshirildi:
- 2022 yildan boshlab har yili 1 dekabrga qadar tegishli «Yo`l xaritasi» bajarilishi yakunlarini batafsil o`rganish asosida keyingi yil uchun «Yo`l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
- tegishli «yo`l xaritalari»ning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish.
Konsepsiyada quyidagi vazifalarni bajarish nazarda tutilgan:
- yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish;
- ta`limning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli ta`lim olishini ta`minlash, hududlarda inklyuziv ta`lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish;
- yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish;
- yoshlarni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini rivojlantirish, ular o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlashga qaratilgan «Besh muhim tashabbus»ni amalga oshirish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor yoshlar, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, etim bolalar, boquvchisini yo`qotgan va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni qo`llab-quvvatlash;
- yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qo`llab-quvvatlash va boshqalar.
«Yo`l xaritasi»ga muvofiq rejalashtirilgan ayrim tadbirlar:
- «Bolalar Ombudsmani to`g`risida»gi qonunni qabul qilish;
- BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi bo`yicha yoshlar ishtirokida keng doirada muhokamalarni tashkil etish;
- O`zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va «Yoshlar murojaati» elektron platformasini shakllantirish;
- yoshlarning innovasion, amaliy va istiqbolli startap loyihalariga grant mablag`lari ajratish;
- xalqaro yosh tadbirkorlar biznes forumi va startap tadbirlarini o`tkazish;
- maishiy zo`ravonlikka uchrayotgan yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularni himoya qilishning ta`sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish;
- «Biz birgamiz» shiori ostida volontyorlar forumini tashkil etish;
- barcha mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchilarning inson omilidan zarar ko`rish holatlarini oldini olish maqsadida hududiy monitoring guruhlari faoliyatini yo`lga qo`yish;
- 2021 yil yakuniga qadar 102 ta tuman (shahar)da raqamli texnologiyalar o`quv markazlarini tashkil etish.






