AsosiyDunyo

Evropa Ittifoqida birinchi bo`lib Vengriya Xitoyning Covid-19'ga qarshi vaksinasini ma`qulladi

'Evropa Ittifoqida birinchi bo`lib Vengriya Xitoyning Covid-19'ga qarshi vaksinasini ma`qulladi'ning rasmi

Vengriya Xitoyning Sinopharm kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan koronavirusga qarshi vaksinani tasdiqladi. Mamlakat Evropa Ittifoqi davlatlari ichida birinchi bo`lib bunday qadamni qo`ydi. Bu haqda «Interfaks»  xabar berdi .

«Milliy farmakologiya va oziq-ovqat instituti bugun Sinopharm vaksinasini ma`qulladi», – dedi Vengriyaning bosh sanitariya shifokori Sesiliya Myuller.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban kecha, 29 yanvar kuni mamlakat Sinopharm vaksinasini sotib olish bo`yicha shartnomani tez orada yakunlashini ma`lum qildi. Shuningdek, bosh vazir ushbu dori bilan emlanishni rejalashtirayotganini ham ta`kidlagan.

Ma`lum qilinishicha, Budapesht Evropa Ittifoqi dasturi bo`yicha vaksinalar juda sekin etkazilayotganidan shikoyat qilgan. Mamlakatga haftada 100 ming dozadan kam vaksina olib kelinmoqda. Shuning uchun Vengriya qo`shimcha ravishda Rossiya va Xitoy vaksinalarini sotib olishga qaror qilgan.

Sinopharm  mamlakatga birinchi jo`natmadayoq million doza vaksina etkazishi mumkin.

Vengriyada pandemiya boshlanganidan beri deyarli 365 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, ularning qariyb 12 mingdan ortig`i vafot etgan.

    Boshqa yangiliklar