AsosiyJamiyat

O`zbekistonda tez tibbiy yordam uchun qancha avtotransport vositasi xizmat qilayotgani ma`lum qilindi

'O`zbekistonda tez tibbiy yordam uchun qancha avtotransport vositasi xizmat qilayotgani ma`lum qilindi'ning rasmi

O`zbekistonda “103”  xizmatida Tez tibbiy yordam ko`rsatish uchun 2800 ga yaqin maxsus avtotransport vositalari faoliyat yuritmoqda. Bu haqda O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.  

Sir emaski, tibbiyoti taraqqiy etgan aksariyat mamlakatlarda aholiga tez va shoshilinch tibbiy xizmat ko`rsatish tizimida pulli xizmat yoki tibbiy sug`urtadan foydalaniladi. Bizning yurtimizda esa shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi   davlat byudjeti tomonidan to`liq moliyalashtiriladi.

Keyingi yillarda bu xizmatni moliyalashtirish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2019 yilda “103” xizmatiga dori-darmon uchun 26 milliard 580 million so`mdan ortiq mablag` ajratilgan bo`lsa, 2020 yilda bu ko`rsatkich 75 milliard 387 million so`mdan ziyodni tashkil etdi.

Hozirda har bir chaqiriq vaqtida dori-darmon uchun minimal xarajatlar o`rtacha 5400 so`m miqdorida belgilandi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, bu ko`rsatkich 2016 yilda 748 so`mni, 2017 yilda 1627 so`mni tashkil etardi.  

So`nggi yillarda davlat byudjetidan soha uchun ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilish va hududlarning ushbu texnikaga bo`lgan ehtiyojini qoplashga ham katta e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2019 yilda tez tibbiy xizmatda ixtisoslashgan zamonaviy avtotransportlar soni 2403 tani tashkil qilgan bo`lsa, 2020 yilda esa ularning soni 2800 ga yaqinlashdi.  

Bu avtotransport vositalarining aksariyati sun`iy nafas berish, EKG apparatlari, mexanik so`rg`ich, defibrillyator, immobilizasiya shinalari bilan ta`minlangan. Shuningdek, mamlakatimiz bo`ylab “tez yordam” xizmatining rasiya aloqasi, telefon va planshet bilan ta`minlanish darajasi ham oshib bormoqda. Ayniqsa, barcha “tez yordam” mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yo`naltirishni ta`minlovchi GPS tizimini yo`lga qo`yishga ham alohida e`tibor berilmoqda.

Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat ko`rsatadi. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini kuzatsak, ularda 20-25 ming kishiga bitta maxsus avtotransport vositasi to`g`ri keladi.  

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.

    Boshqa yangiliklar