Qashqadaryo viloyatida 400 nafarga yaqin o`qituvchi o`zi istiqomat qiluvchi tumandan boshqa tumanga o`tib, o`sha hududdagi maktablarda faoliyat boshlagan. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.
“Ma`lum bo`lishicha, 29 yanvar kuni Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida viloyat xalq ta`limi boshqarmasi mas`ullari ishtirokida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etilgan.
Unda so`z olgan boshqarma boshlig`i To`lqin Karimov “Daryo” muxbirining “Davlat rahbarining 2020-yil 29-dekabrdagi Parlamentga murojaatnomasida tumandan tumanga o`tib ishlovchi o`qituvchilarga 50 foiz, o`zi istiqomat qiluvchi viloyatdan boshqa viloyatga o`tib, o`sha hududdagi maktablarda ishlash istagida bo`lganlarga esa 100 foizlik ustama berilishi ta`kidlangach, viloyat o`qituvchilarining bu boradagi qiziqishlari qanday?”, deya bergan savoliga javoban viloyatdagi vaziyatni ma`lum qildi.
“Viloyatimizda faoliyat yurituvchi 400 nafarga yaqin o`qituvchi tumandan tumanga o`tib, o`sha joydagi maktablarda dars o`tishni boshlagan bo`lsa, 14 nafar o`qituvchi esa, boshqa viloyatdan, xususan, Surxondaryo, Buxoro, Samarqand viloyatlaridan bizning viloyatga kelib, maktablarimizda ish boshlagan”, — dedi To`lqin Karimov.
To`lqin Karimovning ma`lumot berishicha, Qashqadaryoga Rossiyadan ham malakali o`qituvchilari kelishi kutilmoqda.
“Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan mazkur ishdan so`ng, Rossiyadan ham malakali o`qituvchilarni viloyatlarga jalb qilish boshlangan. Aynan bizning viloyatga 8 nafar o`qituvchi kelishi kutilmoqda”, — dedi boshqarma boshlig`i.
Matbuot anjumanida qo`shimcha ma`lumot berilishicha, viloyatda faoliyat yurituvchi 58 ming nafarga yaqin o`qituvchining 13 ming nafari nomutaxassis kadrlar hisoblanadi”,– deyiladi “Daryo” xabarida.






