Joriy yilning 28 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda “Xizmat avtomobillari oldida raqs tushayotgan erkatoylar” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
IIV YHXBB Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, Surxondaryo viloyati IIB YHXB xodimlari xizmat yuzasidan Toshkent viloyatiga kelishgan vaqtida, Olmaliq shahar, “Kimyogar” MFY, Metallurg ko`chasi, 42-uy oldida joylashgan “Hilol” mehmonxonasiga joylashishgan.
Mehmonxona yonida to`xtab turgan, IIB xodimlariga tegishli “Lasetti” rusumli, 75 597 VSF va 75 674 VSF davlat raqam belgili maxsus xizmat avtomobilining oldida, soat 20:00larda fuqarolar, 1982 yilda tug`ilgan E.Ch., 2003 yilda tug`ilgan B.U., B.M., B.R. va O.M.lar turli o`yinlarga tushib, uyatli xatti-harakatlari orqali hurmatsizlik, mensimaslik kabi jihatlarini ko`rsatishgan va ushbu jarayonni video tasvirga olib ijtimoiy tarmoqda tarqatishgan.
Surishtiruv ishlari olib borildi va to`plangan hujjatlar ko`rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari bo`yicha Olmaliq shahar Sudiga yuborildi.
Sud tomonidan fuqaro E.Ch. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 183-modda (mayda bezorilik)sida ko`rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, 15 (o`n besh) sutka ma`muriy qamoq jazosi, voyaga etmagan 4 nafar bolalarning onalariga nisbatan ushbu Kodeksning 47-modda (bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik)si 1-qismi tartibida har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 (uch) baravari miqdorida jarima jazosi qo`llanilib, voyaga etmagan shaxslar esa Olmaliq shahar 20-sonli IDUM ichki ro`yxatiga olingan.






