Agar o`zbekistonliklar zarur sanitariya qoidalariga rioya qilmasa, mamlakatda karantinni kuchaytirish choralari ko`rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i Bahodir Yusupaliev «O`zbekiston 24» telekanali efirida ma`lum qilgan.
« - Koronavirusga qarshi kurash davom etmoqda, yangi kasallanish holatlari, yangi shtammlar paydo bo`lmoqda. Shuning uchun men O`zbekiston aholisini joriy etilgan cheklovlar — niqob taqish, masofa saqlash, antiseptiklardan foydalanishga rioya qilishga chaqirmoqchiman», — degan u «O`zbekiston 24» telekanali efirida.
Uning aytishicha, koronavirusning barcha yangi turlari chetdan kirib kelmoqda.
«Respublika fuqarolariga murojaat qilib, ulardan zarurat bo`lmasa, koronavirusning yangi turlari aniqlangan mamlakatlarga sayohatga bormasliklarini so`rayman. Agar respublikada joriy qilingan cheklov choralariga birgalikda amal qilmasak, zaruratsiz boshqa davlatlarga chiqsak, karantin choralari kuchaytirilishi va O`zbekistonda aviaqatnovlarga cheklovlar qo`yilishi mumkin», — dedi u.






