Koronavirusning "britancha" shtammining alomatlari haqida ma`lumot berildi.
Buyuk Britaniyaning Milliy statistika xizmati koronavirusning "britancha" deb ataluvchi yangi shtammiga yo`tal, kuchli charchoq, tomoq va mushaklardagi og`riq kabi belgilar xos ekanligini, ammo hid va ta`m sezmaslik alomati esa avvalgi shtammdagiga qaraganda kamroq uchrayotganini aniqladi.
Idoraning xulosalari Angliyada tasodifiy tanlab olingan va "COVID-19" tashxisi qo`yilgan 6 ming kishining ma`lumotlarini qayta ishlash natijasida chiqarildi.
Hid va ta`m sezmaslik kabi alomatlar yangi shtamm bilan kasallanganlarda kamroq uchramoqda. Ammo ular hali ham kasallikning uchta asosiy alomatlari (yuqori isitma, yaqinda paydo bo`lgan doimiy yo`tal va ta`m sezuvchanligini o`zgarishi) orasida.
Kasallanganlarning aksariyatida ushbu uchta alomatdan kamida bittasi namoyon bo`lmoqda.
Statistika idorasi xodimlari yangi "COVID-19" shtammiga ijobiy test olishdan oldin bir hafta davomida bemorlar boshdan kechirgan alomatlarni tahlil qildilar. Ular "asl" (avvalgi) shtammni yuqtirganlarning alomatlari bilan taqqoslandi.
Bunda 2020 yil noyabr oyining o`rtalaridan 2021 yil yanvar oyining o`rtalariga qadar kasal bo`lgan odamlarning natijalari hisobga olindi. Ma`lumotlar shuni ko`rsatdiki, yangi shtamm birinchi holatda bo`lgani kabi uchta emas, ikkita gen bilan mos keladi.
- 3,5 ming kishidan iborat yangi shtammni yuqtirganlar guruhidan:
• 35 foizi yo`tal;
• 32 foizi charchoq;
• 25 foizi mushak va tana og`rig`i;
• 21,8 foizi esa tomoq og`rig`idan shikoyat qilgan.
Oldingi shtamm bilan kasallangan 2,5 ming kishilik guruhdan:
• 28 foizi yo`tal;
• 29 foizi charchoq;
• 21 foizi mushak va tana ;
• 19 foizi esa tomoq og`riganini aytgan.
Ma`lum bo`lishicha, yangi shtammni yuqtirganlarning 16 foizi ta`m sezuvchanligini, 15 foizi hid sezish qobiliyatini yo`qotgan. Bu eski shtamm bilan kasallangan odamlardagiga qaraganda kamroq (ikkala holatda ham 18 foiz).
Bosh og`rig`i, nafas olish qiyinlishuvi yoki diareya va qayt qilish holatlari bo`yicha ma`lumotlar ikki shtammda ham bir xil bo`lgan.
Olimlarning fikriga ko`ra, virus tarkibidagi ba`zi bir o`zgarishlar organizmning immun reaksiyasiga ta`sir qilishi va infeksiyani keltirib chiqaradigan alomatlarga ham ta`sir qilishi mumkin. Yangi shtammni yuqtirganlarning organizmida virus intensiv ravishda ko`payib ketish ehtimoli yuqoriroq. Bu esa infeksiyaning butun tanaga kengroq tarqalishiga hamda kuchli yo`tal, mushaklarda og`riq va charchoq paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin.
Ma`lum qilinishicha, koronavirusning mutasiya shtammlari virusdan tuzalganlar uchun xavf tug`dirmaydi.






