Bir guruh fuqarolar anchadan beri o`zlari yashab turgan Toshkent shahri, Bobur ko`chasi 7-uyning "snos" sifatida buzilishi mumkinligidan norozi bo`lib murojaat qilishayotgandi.
Ma`lum bo`lishicha, ularning xonadonlari joylashgan uy madaniy meros ob`ektlari ro`yxatida bo`lgan. Biroq noma`lum sabablar bilan 2007 yil 2 avgustdagi 697-son Toshkent shahar hokimining qarori bilan ushbu uy madaniy meros ob`ektlari ro`yxatidan chiqarib yuborilgan. Va keyinchalik ushbu uyni "snos" qilib, o`rnida qandaydir ob`ekt qurish uchun tadbirkorlarga qaror chiqarib berilgan.
Bundan norozi fuqarolar ancha vaqt idorama-idora yurishib, uylarini madaniy meros ob`ektlari ro`yxatiga kiritish va buzilishdan saqlab qolishga harakat qilishdi.
Va nihoyat bugun Toshkent tumanlararo ma`muriy sudi fuqarolarning arizasini ko`rib chiqib, Toshkent shahar hokimining mazkur qaroridagi Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko`chasi, 7-uyni madaniy meros ob`ektlari davlat ro`yxatidan chiqarishga oid qismini haqiqiy emas, deb topibdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev ma`lum qildi.
"Nazarimda mulk huquqi daxlsizligini ta`minlash yo`lidagi adolatli sud qarori bo`libdi.
Shuningdek, sud aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan Toshkent shahar hokimiyati va Madaniyat vazirligining Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining tegish inspeksiyasiga nisbatan xususiy ajrim chiqargan.
Sudlarda aholi manfaatlarini adolatli himoya qilish borasidagi bu kabi ishlar bardavom bo`lishiga umid qilib qolamiz", deya yozib qoldirgan deputat.






