Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani inobatga olinib, Koreya Respublikasi tomonidan O`zbekiston qizil hududdagi davlatlar ro`yxatidan chiqarildi.
Shu munosabat bilan, shartnomasi mavjud hamda viza tasdiqnomalarining amal qilish muddati tugamagan fuqarolarni pandemiya davrida Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo`natish tartibini kelishib olish bo`yicha Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan mazkur davlatning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarni tashkiliy tarzda jo`natishning aniq sanalari noma`lumligi sababli, shartnomasi kelgan va viza tasdiqnomalari mavjud fuqarolarning Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga taqdim qilinishi lozim bo`lgan hujjatlarni tayyorlab qo`yishlari tavsiya qilinadi. Sudlanmaganlik to`g`risidagi va tibbiy ma`lumotnomalarning amal qilish muddati berilgan kundan boshlab 3 oy ekanini eslatib o`tamiz.
Janubiy Koreyaga fuqarolarni tashkiliy tarzda jo`natish bo`yicha yangilik bo`lgan takdirda, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining rasmiy axborot kanallari orqali e`lon qilib boriladi.
Xorijga chiqish pasportiga ega bo`lmagan fuqarolardan esa zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish so`raladi.
Qo`shimcha ma`lumot olish uchun: 71 202 33 55 (ichki raqam 41, 42)






