Joriy yilning 18 yanvar kuni Sirdaryo viloyati, Guliston tumani IIB YHXB YPX xodimi T.Jo`raboev belgilangan taqsimot asosida Guliston tumani, Soyibobod MFY hududiga xizmatga jalb etilgan.
Xizmati davomida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog`ida harakatlanib o`tgan “Matiz” rusumli avtomobilni to`xtatgan. Haydovchi F.A.da ushbu transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi me`yoriy hujjatlari yo`qligi ma`lum bo`lgan va belgilangan tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
YHXBB Axborot xizmati xabariga ko`ra, haydovchi F.A. ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va avtomobilini jarima maydonchasidan olib chiqish evaziga YPX xodimiga 100 AQSh dollar pulni pora tariqasida taklif etgan. YPX xodimi T.Jo`raboev haydovchining ushbu taklifini bildirgi orqali viloyat IIB boshlig`i nomiga ma`lum qilib qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Xodimning bildirgisi asosida joriy yilning 18 yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro F.A. 750.000 (etti yuz ellik ming) so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida YPX xodimiga bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan IJQK Departamentining Guliston tumani bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-modda (Pora berish)si 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






