“Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJda qurilishi rejalashtirilgan do`konni 25 000 AQSh dollariga auksion orqali olib bermoqchi bo`lgan bozor mas`uli va uning sherigi ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJda do`kon sotuvchisi bo`lib ishlovchi N.R. fuqaro D.B.ning ishonchiga kirib, mazkur savdo kompleksi hududida qurilishi rejalashtirilgan savdo do`konlaridan birini auksion savdosi orqali yutib olib berish masalasini bozor muhandisi A.S. orqali hal qilib berishi evaziga 25 000 AQSh dollari so`rab, shundan 9 400 AQSh dollarini muqaddam qo`lga kiritib, qolgan 15 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Shundan so`ng, N.R. ning ko`rsatuvlariga asosan tadbir davom ettirilganda, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJ kapital qurilish bo`limi bosh muhandisi A.S. do`kon sotuvchisidan 10 000 AQSh dollarini olgan paytida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.S. va N.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






