AsosiyJamiyat

Yangiyo`lda maktab o`quvchisini noma`lum shaxs olib ketmoqchi bo`ldi. Erkak qidirilmoqda

'Yangiyo`lda maktab o`quvchisini noma`lum shaxs olib ketmoqchi bo`ldi. Erkak qidirilmoqda'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangiyo`l shahrida 8 yashar qizni begona shaxslar olib ketmoqchi bo`ldi» kabi xabarlar tarqaldi. 

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, hozirda mazkur holat Yangiyo`l shahar IIB va prokuratura nazoratiga olingan va surushtiruv ishlari olib borilmoqda. Asosiysi o`quvchi qiz sog`lom va ota-onasi yonida. Maktabda darslarida ishtirok etmoqda.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning 29 yanvar kuni 12-10larda Yangiyo`l shahrida yashovchi 2013 yilda tug`ilgan, 1 sinf o`quvchisi S.A. darsini tugatib maktabdan chiqqan vaqtida, uning yoniga noma`lum shaxs kelgan va u bilan suhbatlashgan. Unga shirinlik olib berishini aytib, qo`lidagi maktab sumkasini olib birgalikda bozor tomonga harakatlangan.

Ular biroz yo`l yurgandan keyin qizaloq u bilan ketmasligini aytib, xarxasha qilib yig`lay boshlagandan. Shundan so`ng u qizga maktab sumkasini qaytarib bergan va o`zi yo`lda davom etgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video xabarlarda ham aks ettirilgan.

Holat yuzasidan kelib tushgan xabarga asosan shahar IIB tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, surushtiruv ishlari boshlangan.

Surushtiruv davomida qizning ota-onasi video tasvirda aks etgan shaxsni tanimasligini ma`lum qilgan.

Hozirda ushbu shaxsning kimligini aniqlash va holatga huquqiy baho berish yuzasidan shahar IIB xodimlari tomonidan surushtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

"Qayd etish joiz, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaziyat bilan bog`liq bo`rttirilgan yolg`on axborot va fuqarolar tomonidan hech bir asosga ega bo`lmagan, odamlarda shubha tug`diruvchi turli ovozli xabarlar tarqatilmoqda.

Shu o`rinda fuqarolarimizni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini, axborot xurujlari va yolg`on ma`lumotlar ostidagi zararli ta`sirlardan hushyorlikka chorlab, jurnalist va blogerlardan har bir vaziyatga xolis yondashishlarini, asoslanmagan xabarlarni tarqatmaslikni va noto`g`ri talqin qilmasliklarini so`raymiz", deyiladi IIBB xabarida.

    Boshqa yangiliklar