Joriy yilning 2 fevral kuni Afg`oniston Islom Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi Hukumatlari delegasiyalarining Toshkent shahriga tashrifi doirasida uch mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari rahbarlari, Afg`oniston Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyalari rahbarlari ishtirokida “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirish bo`yicha yuqori darajadagi uch tomonlama ishchi guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda AOKA xabar berdi.
Tadbirda, shuningdek, xalqaro moliya institutlari vakillari qatnashdi, ulardan ayrimlari videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
O`zbekiston tomonidan ishchi guruhiga Bosh vazir o`rinbosari — investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Afg`oniston tomonidan tashqi ishlar vaziri H.Atmar, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo, to`qimachilik sanoati va investisiyalar masalalari bo`yicha maslahatchisi A.Dovud boshchilik qildilar.
Tadbir eng oliy va yuqori darajadagi muzokaralarning mantiqiy davomi bo`ldi. 2020 yil 29 dekabrda O`zbekiston, Afg`oniston va Pokiston rahbarlari “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo`lini qurish loyihasini qo`llab-quvvatlash taklifi bilan xalqaro moliya institutlariga birgalikda murojaat yuborgan edilar.
Ma`lumki, Markaziy Osiyo va Afg`oniston davlatlari xalqaro dengiz portlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ular sezilarli transport va tranzit xarajatlari qilmoqdalar, bu esa dengiz kommunikasiyalaridan erkin foydalanish sharoitiga ega bo`lgan mamlakatlar xarajatlaridan 2-3 baravar yuqoridir. Ushbu muammo xalqaro yuk tashishga sezilarli cheklovlar qo`ygan “COVID-19” pandemiyasi paytida, ayniqsa, juda dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Bunday sharoitda “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo`lining qurilishi Janubiy Osiyo va Evropa davlatlari o`rtasida Markaziy Osiyo orqali yuklarni tashish vaqtini hamda narxini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shunday qilib, Pokistonning “Karachi”, “Qasim” va “Gvadar” dengiz portlariga chiqishni ta`minlaydigan yangi transafg`on temir yo`li Janubiy Osiyo temir yo`l tizimini Markaziy Osiyo va Evroosiyo temir yo`l tizimlari bilan bog`laydi hamda Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini keskin oshirishga, katta miqdordagi yuk oqimlarini jalb qilishga, shuningdek, Evropa va Osiyoni eng qisqa quruqlik yo`li bilan bog`laydigan ko`prik sifatida mintaqaning tarixiy rolini tiklashga yordam beradi.
Loyihani amalga oshirish, shuningdek, Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, o`n minglab yangi ish o`rinlari tashkil etish hamda temir yo`l yo`nalishi bo`ylab mineral resurslarga boy zaxiralarni o`zlashtirish (mis, qalay, rux, temir rudasi, marmar, granit, travertin va boshqalar) uchun sharoit yaratish orqali bu mamlakatning izchil iqtisodiy o`sishini rag`batlantirish uchun noyob imkoniyatlar ochadi.
Yig`ilish kun tartibining bir qismi sifatida “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirishning turli jihatlari atroflicha ko`rib chiqildi. Geodezik, gidrogeologik va topografik tadqiqotlar o`tkazish, temir yo`l liniyasi bo`limlari hamda tegishli kartografik materiallar sxemasini tayyorlash uchun uch tomonlama qo`shma xalqaro ekspedisiya tashkil etish bilan bog`liq amaliy masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish hamda loyihaoldi tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun samarali mexanizmlarni yaratish, qurilish jarayonini boshqarish va tomonlar mas`uliyatini taqsimlash borasida ham fikr almashildi.
Uchrashuvda so`zga chiqqan uch mamlakat delegasiyalari rahbarlari ushbu loyihani milliy iqtisodiyot, mintaqaviy va mintaqalararo savdo-sotiqning o`sishini rag`batlantirish, qolaversa, uch mamlakat o`rtasidagi tarixiy savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo`yicha kuchli platforma sifatida baholab, umumiy pozisiyasini bildirdilar.
Yig`ilishda xalqaro moliya institutlari vakillari ham so`zga chiqib, loyihaning strategik ahamiyatini ta`kidlab, uni amalga oshirish jarayonida hamkorlikda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu bilan birga, loyihaoldi hujjatlarini yuqori sifatli qilib tayyorlashni ta`minlash va puxta ilmiy-iqtisodiy tahlil o`tkazish zarurligi qayd etildi. Temir yo`l yo`nalishining aksariyat qismi tog`li hududlardan o`tgani sababli loyiha murakkabligi bilan tavsiflanadi.
O`z chiqishlarida Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki vise-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki vise-Prezidenti Alan Pillou, Islom taraqqiyot banki vise-prezidenti Mansur Muxtor, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, Osiyo taraqqiyot banki departamenti Bosh direktori Evgeniy Jukov, va Evropa investisiya banki Prezidentining maslahatchisi Flaviya Palanza trans-afg`on temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirish tashabbusini ma`qulladilar. Ular mazkur tashabbusning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy va global ishlab chiqarish va savdo zanjirlariga integrasiyalashuvini rag`batlantirish, shuningdek, mintaqada barqaror iqtisodiy o`sish va kambag`allikni qisqartirish borasida strategik ahamiyatini e`tirof etdilar.
Rivojlanish bo`yicha hamkorlar loyiha hayotga tatbiq etilishining barcha bosqichlarida O`zbekiston, Afg`oniston va Pokiston hukumatlariga har tomonlama yordam ko`rsatishga tayyor ekanliklarini bir ovozdan bildirib, uni amalga oshirish uchun moliyalashtirishning turli xil mexanizmlarini jalb etish taklifini ilgari surdilar.
Xulosa qilib aytganda, uch mamlakat delegasiyalari rahbarlari mintaqaning barqaror iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishini ta`minlash bo`yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga qat`iy sodiqliklarini bildirdilar.
Tadbir yakunida “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo`lini qurish loyihasini amalga oshirish bo`yicha erishilgan asosiy kelishuvlarni o`zida mujassam etgan qo`shma “Yo`l xaritasi” imzolandi.






