Kishi salomatligidagi o`zgarishlarga g`am-tashvishlar, xafagarchilik, alamzadalik, qo`rquv kabi psixologik omillar sabab bo`lishi mumkin. Ushbu holat, ya`ni psixosomatika to`g`risidagi SSV matbuot xizmati savollariga "Asab va ruhiyat" tibbiy-psixologik yordam markazi direktori, professor Zarifboy Ibodullaev javob berdi. Intervyuni vazirlik axborot xizmati rahbari Furqat Sanaev o`z rasmiy sahifasiga joylashtirdi.
— Ilm-fan kasallik ruhiy holatga bog`liqligiga nima deydi?
— Ilm-fan psixologik holatning inson tanasiga ta`sirini inkor etmaydi. Aksariyat hollarda hissiyotlarimiz, o`y-xayollarimiz turli xastaliklarga turtki bo`lishi mumkin. Masalan, muhim yig`ilish oldidan ko`pchilik qattiq xayajonlanadi. Ayniqsa, yig`ilishda nutq so`zlash kerak bo`lsa yoki loyiha taqdimoti reja qilinsa, his-hayajon ikki karra ortadi.
Bunday paytda kishi beixtiyor “Gapira olmasam-chi?”, “Uddalay olmasam-chi?..”, deya xavotirga tushadi. Natijada ongosti sanab o`tilgan holatlardan birini tanlaydi va unga mos ravishda bezovtaliklarni paydo qiladi.
Misol uchun, o`z-o`zidan tomoq og`rib qolishi mumkin yoki allergiya, husnbuzar toshishi kuzatiladi. Avvalgi kunlarda soppa-sog` yurgan odam nima sababdan o`zini yomon his etishi mumkin, sizning-cha? Psixosomatika ushbu hodisani o`y-xayollar ta`sirida yuzaga kelgan deydi.
— Kishining xastalikka chalinishi uning o`y-xayollari bilan ham bog`liqmi?
— Shifokorlar psixik og`irliq qandli diabet, bronxial astma va yana bir qancha kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblashadi. Shuningdek, odam o`ziga-o`zi xastalikni to`qib chiqarishi ham ehtimoldan holi emas. Ba`zan bu haqiqiy kasallikka olib keladi.
Deylik, bosh og`rig`idan aziyat chekayotgan odam og`riqsizlantiruvchi dorilardan foydalansa-da, o`zicha jiddiy patologiyalarni taxmin qiladi: “boshimda o`sma bor bo`lsa kerak”, deb xavotirlanadi.
Har safar u shu haqda o`ylaganida ongosti axborotni ma`qullaydi. Ko`p o`tmay, haqiqatan ham, jiddiy bezovtalik kelib chiqishi mumkin. To`g`ri, tibbiyotda o`sma kasalliklari tamoman boshqa sabablar bilan yuzaga keladi. Ammo psixosomatika mutaxassislari ushbu hodisani inson o`y-fikrlari bilan bog`lashadi.
Shuning uchun ham doimo shifokorlar bemorlarga yaxshi narsalarni o`ylash, kayfiyatni ko`tarishni tavsiya etadi.






