Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil – “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturini tasdiqlash to`g`risidagi Farmonni imzoladi.
Mazkur davlat dasturi loyihasi joriy yilning 18 – 28 yanvar kunlari 2021.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz veb-portallari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi va keng jamoatchilik muhokamasidan o`tkazildi.
Muhokamalar doirasida farmon loyihasi mahalliy ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda 700 ga yaqin, teleradiokanallarda qariyb 400 ta chiqish va eshittirishlar efirga uzatildi.
Natijada, loyiha bo`yicha 4 mingga yaqin takliflar kelib tushdi. Xususan davlat boshqaruvi yo`nalishi bo`yicha – 1 239 ta, sud-huquq yo`nalishida – 479 ta, iqtisodiyot sohasida – 901 ta, ijtimoiy sohada – 1018 ta, tashqi siyosat va xavfsizlik yo`nalishida– 146 ta.
Takliflarni har tomonlama ko`rib chiqish yakuniga ko`ra, loyihaga jami 50 ga yaqin konseptual hamda 100 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan.
2021 yilga mo`ljallangan Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. so`m hamda 2 600,4 mln. AQSh dollari va 57,5 mln. evro miqdoridagi mablag`lar ajratilishi ko`zda tutilgan.
Davlat dasturi jami 274 ta banddan iborat bo`lib, birinchi – davlat boshqaruvi yo`nalishi bo`yicha – 20 ta, ikkinchi – sud-huquq yo`nalishi bo`yicha – 18 ta, uchinchi – iqtisodiyot yo`nalishi bo`yicha 113 ta, to`rtinchi – ijtimoiy soha yo`nalishi bo`yicha 93 ta, beshinchi – tashqi siyosat va xavfsizlik yo`nalishi bo`yicha 30 ta banddan iborat vazifalar belgilab olingan.