Majburiy ijro byurosi Farg`ona tuman bo`limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 22.07.2014 yildagi sud buyrug`iga asosan qarzdor I.Xusanovdan undiruvchi M.Mavlonova foydasiga ikki nafar voyaga etmagan farzandlarining moddiy ta`minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati mavjud. Bu haqda MIB Darakchiga ma`lum qilmoqda.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor I.Xusanovdan aliment pullari muntazam ravishda o`z vaqtida to`liq undirib kelingan hamda undiruvchi M.Mavlonovaga topshirilgan.
2020 yil dekabr va joriy yilning yanvar oyi uchun hisoblangan 800 ming so`m aliment to`lovini to`lash uchun Byuroning Farg`ona tuman bo`limiga kelgan qarzdor I.Xusanovga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 06.10.2018 yildagi “Alimentlarni oldindan to`lash, shuningdek, aliment to`lash majburiyatini ta`minlash bo`yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 808-sonli qarori mazmun-mohiyati tushuntirilganida ota o`z farzandlari uchun ular voyaga etgunlariga qadar bo`lgan 40 mln. 800 ming so`m aliment to`lovlarini to`liq to`lab berish imkoniyatiga ega ekanligini ma`lum qilgan.
Shunga ko`ra, joriy yilning 30 yanvar kuni M.Mavlonovaning roziligi asosida qarzdor I.Xusanov tomonidan taqdim etilgan 4000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag`i xolislar ishtirokida unga topshirildi.






