Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 238-maktabning 9-11-sinf o`quvchi qizlari bilan bolalar ginekologi tomonidan o`tkazilgan suhbatning yozib olingan audiosi tarqab ketdi.
Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmatining holat yuzasidan xabar berishicha, mamlakatimizda erta tug`ruqlarni oldini olish, yoshlarning reproduktiv salomatligini asrash, jinsiy zo`ravonliklarni profilaktika qilish borasida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.
Uchtepa tuman tibbiyot birlashmasi bolalar ginekologi tomonidan 238-maktabning yuqori 9, 10, 11-sinf o`quvchi qizlari ishtirokida o`tkazilgan davra suhbati ham shu maqsadda tashkil etilgan.
Davra suxbati Oliy Majlis Senati qarorlari hamda Sog`liqni saqlash vazirining buyruqlari asosida tashkil qilinmoqda.
Bu kabi o`smirlik fiziologiyasi, reproduktiv salomatlikka oid suxbatlarni barcha umumta`lim muassasalarining yuqori sinf o`quvchilari bilan rejaga muvofiq o`tkazish belgilangan.
Suhbatlar davomida o`quvchi qizlarga bolalar ginekologi tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo`lishi salbiy oqibatlarga olib kelishi, ko`p hollarda bunday yoshdagi qizlarning sog`lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqishi to`g`risida tushuntirishlar berib boriladi.






