Uch yil avval ortiqcha to`langan pensiya qayta undirilmaydi. Bu tartib 2021 yil “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida tasdiqlandi.
2021 yil 1 iyungacha nogironlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha:
● protez-ortopediya buyumlari va reabilitasiya texnik vositalari bilan ta`minlash sertifikat berish tizimiga o`tkaziladi. Bunda fuqarolarga davlat bergan pul evaziga istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitasiya texnik vositalari sotib olish imkoniyati beriladi;
● nogironligi aniq ko`rinib turganlarga tekshiruvdan o`tkazmasdan turib, nogironlikni muddatsiz davrga belgilanadi.
Pensiya va nafaqalar tayinlashni osonlashtirish maqsadida 2021 yil 1 iyundan:
- 2005 yildan oldingi davr uchun ish staji mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
- uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo`yicha aniqlangan ortiqcha to`lovni undirish bekor qilinadi;
- ishlovchilar ishlamaydigan turmush o`rtoqlari kelajakda pensiya olishi uchun o`z daromadidan har oyda ijtimoiy soliq to`lashi mumkin;
- pensiya va nafaqalar xohishga ko`ra doimiy yoki vaqtincha yashash joy bo`yicha to`lanadi;
- pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar bankda yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
- pensiyaga bo`lgan huquqi yo`qolganligi tegishli idoralar tomonidan beriladigan elektron ma`lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchilar tomonidan har 6 oyda Pensiya bo`limiga kelish hamda mas`ul xodimning joylarga chiqqan holda monitoring o`tkazish majburiyati bekor qilinadi.






