AsosiyJamiyat

Surxondaryolik jurnalistning xonadoni IIB xodimlari tomonidan tintuv qilinganligi aytilmoqda

'Surxondaryolik jurnalistning xonadoni IIB xodimlari tomonidan tintuv qilinganligi aytilmoqda'ning rasmi

Effect.uz internet-nashrining Surxondaryo viloyatidagi jurnalisti Farxod Ismoilovning yashash xonadoni IIB xodimlari tomonidan tintuv qilinganligi aytilmoqda.

Tintuv ishlari viloyat prokurorining 1-o`rinbosari adliya katta maslahatchisi B.N.Qurbonovning 3 fevraldagi “tintuv o`tkazish haqidagi” qarori bilan amalga oshirilgan.

Bunga Farhod Ismailovning Surxondaryoda “tovlamachilik yo`li” bilan dehqon bozori rahbaridan 5 mln so`mlik telefon talab qilgan bloger Otabek Sattoriy bilan sherikligi sabab bo`lishi mumkin, deyiladi internet-nashr xabarida.

Jurnalist Farxod Ismailov mazkur hodisa haqida quyidagilarni gapirib bergan:

“2 fevral kuni Surxondaryo viloyati IIB tergovchisi meni izlayotgani haqida eshitdim. Dastlab, chaqiruv qog`ozi berilmagan, mahkamaga kim sifatida chaqirilayotganim ham noma`lum. Albatta, qonunga itoat etuvchi fuqaro sifatida Ichki ishlar idorasiga kech soat 19:00 dan keyin etib bordim.

Aytganimdek, meni Ichki ishlar idorasiga borishim haqida rasmiy chaqiruv qog`ozi mavjud emas edi, uni rasman ko`rganim yo`q. Shunday bo`lsada, Ichki ishlar idorasiga borganimda kim sifatida chaqirganliklariga tegishli bo`lgan savolimga hech kimdan qoniqarli javob ola bilmadim.

Men soat 19:40 dan boshlab soat 23:15 gacha, uch yarim soat davomida so`roqqa tutildim. 3 fevral kuni, 16:00 chamasida yashab turgan xonadonimga bir guruh huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari kelib uyni tintuv qilishganlari eshitdim. Bu vaqtda esa uyda bo`lmaganman.

Zudlik bilan uyga etib borganimda, tintuv jarayoni ishtirokimsiz o`tkazib bo`lingan edi. Tintuv o`tkazish uchun kelgan guruhning vakillariga uchrashdim. Ular menga o`zlarini tanishtirmadi, ulardan Ichki ishlar tizimi vakillari olib borgan tintuvni o`tkazishga sabab bo`lgan qaror yoki kimningdir shikoyat arizasini taqdim qilishlarini so`radim.

Muloqot jarayonida tintuv guruhini boshqarayotgan ma`sul shaxs menga tintuv qonuniy tarzda o`tkazilayotganligini, tintuv o`tkazish haqidagi bayonnomaga qonuniy imzo chekilganligini, tintuv bayonnomasini bir nusxasi taqdim qilinganligini aytdi.

Qanday qilib, yashash xonadonimda o`tkazilayotgan tintuvdan biroz avval xabar topgan bo`lsam, qanday qilib, bayonnoma bilan tanishib, bir nusxa olib, imzo chekkan bo`lishim mumkin?

Ularga tintuv o`tkazish bayonnomasidan bir nusxa berishlarini qaytadan talab qildim va shundan so`ng tintuv bayonnomasining nusxasini berib, “Tintuv bayonnomasining bir nusxasini oldim” deb chekilgan imzoni ko`rsatdilar.

Darhol, tintuv bayonnomasining nusxasiga kim imzo qo`yganini so`radim. Aslida esa oilamdagilarga “Tintuv bayonnomasining bir nusxasini oldim” deb imzo qo`ydirib, aslida bayonnomaning nusxasi berilmagan edi”, deydi Ismailov.

Ma`lum bo`lishicha, tintuv guruhi vakillari Surxondaryo viloyati IIB TB tergovchisining “buyurtmasi”ga asosan tintuv bayonnomasini jurnalistga berishdan bosh tortgan. Tintuvda qatnashgan tergov guruhi vakili Surxondaryo viloyat IIB tergovchisidan tintuv bayonnomasining nusxasini olib berishini aytgan.

Biroq Farhod Ismailov ularga: “Uy menga tegishli bo`lsa, nega siz Surxondaryo viloyat IIB tergovchisidan izn so`raysiz? Aslida tintuv o`tkazilayotgan xonadon egasiga “Tintuv o`tkazish haqidagi qaror”, “Tintuv o`tkazish bayonnomasi” hamda “Tintuv o`tkazilganligi haqidagi Bayonnoma”dan bir nusxadan taqdim qilishga qonun bo`yicha majbursizku…”, degan.

Jurnalistning ma`lum qilishicha,  “Tintuv o`tkazish bayonnomasi” hamda “Tintuv o`tkazilganligi haqidagi Bayonnoma” nusxalarini taqdim qilmaganliklarini aytgan. 

Shuningdek Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov hamda ayrim mas`ullarni ochiqchasiga tanqid qilib kelgan bloger Otabek Sattoriy maxsus tadbir davomida hibsga olinganligi aytilmoqda. Tergov departamenti versiyasiga ko`ra unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va u gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan.

" IIB xodimlari endi Effect.uz jurnalisti xonadonida tintuv o`tkazdi? Nima O`zbekistonda to`lib-toshgan muammolarni kesmasdan, qo`shmasdan, ommaga ko`rsatib kelayotgan, zarracha bo`lsa ham jamiyat rivojiga foydasi tegayotgan bloger va jurnalistlarga qarshi “ov” boshlandimi? O`zbekiston jurnalistlarini kelajakda yana nimalar kutayotgan bo`lishi mumkin?" deya savol qo`ymoqda internet nashri.

    Boshqa yangiliklar