Bugun bo`lib o`tayotgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ikkinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga to`xtalib o`tgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.
" – Butun dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, yaqin va uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to`qnashuvlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimiz o`zining ochiq va pragmatik tashqi siyosatini faol olib bormoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi ko`p millatli xalqlar uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo`li loyihasi “asr hodisasi” bo`ldi, desak mubolag`a emas. Kuni kecha bo`lib o`tgan O`zbekiston – Afg`oniston – Pokiston uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig`ilishida ushbu loyihani amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi. O`zbekistonning mazkur loyihani ilgari surish bo`yicha qat`iy sa`y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qo`llab-quvvatlanmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro dengiz portlariga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniyatiga ega bo`lmaganligi bois, xalqaro tashuvlar va tranzit xarajatlari dengiz yo`liga erkin chiqa oladigan mamlakatlarga qaraganda 2-3 baravar yuqori.
Mazkur loyiha Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining barqaror rivojlanishini ta`minlashda strategik ahamiyatga ega bo`lib, o`zaro hamda global savdo-iqtisodiy aloqalarning yangi davrini boshlab beradi",– dedi Senat Raisi T.Narbaeva.






