AsosiyJamiyat

2021-2022 yillarda tadbirkorlik sub`ektlari uchun tovar belgilarini milliy ro`yxatdan o`tkazish bepul amalga oshiriladi

'2021-2022 yillarda tadbirkorlik sub`ektlari uchun tovar belgilarini milliy ro`yxatdan o`tkazish bepul amalga oshiriladi'ning rasmi

2021-2022 yillarda eksportyor korxonalar, qishloq xo`jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun tovar belgilarini milliy ro`yxatdan o`tkazish bepul amalga oshiriladi.

Bu haqda bugun, 5 fevral kuni AOKAda Intellektual mulk agentligi mutasaddilari ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

“Intellektual mulk ob`ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, intellektual mulk ob`ektlarini davlat ro`yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etildi. 

Bundan buyon intellektual mulk ob`ektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma bo`yicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bu bilan talabnoma topshiruvchi o`z ob`ektini tegishli tartibda tezkor ekspertizadan o`tkazib, ishlanmani hayotga tezroq joriy qilish va foyda ko`rish imkoniyati yaratiladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko`rsatkichlar)ni ro`yxatga olish bo`yicha qilinadigan sarf-xarajatlari Agentlikning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan to`liq qoplanadi.

Joriy yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta`lim tashkilotlari o`zlariga tegishli bo`lgan intellektual mulk ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettiradi. Eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig`ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo`jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun tovar belgilarini 2021-2022 yillarda milliy ro`yxatdan o`tkazish bepul amalga oshiriladi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar Agentlik huzurida «Patent platformasi» ishga tushiriladi. Mazkur platforma davlat boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta`lim tashkilotlari o`ziga tegishli bo`lgan intellektual mulk ob`ektlari hisobini to`g`ri yuritish, ularga bo`lgan huquqlarni xo`jalik muomalasiga kiritish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirilishiga ko`maklashadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar