2021 yil 03 fevral kuni soat 16:00 larda noma`lum shaxslar bir guruh bo`lib, oldindan jinoiy til biriktirib, Yakkasaroy tumani Cho`pon ota ko`chasining poezd temir yo`li bilan kesishgan chorrahasi yaqinida voyaga etmagan 9 yoshli Arina T.,ning qo`lida bo`lgan narxi 2.100.000 so`mlik bo`lgan «Redmi 8 Lite» rusumli uyali telefon apparatini qo`lidan yulib olib, hodisa joyidan qochib ketishgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni fuqaro 21 yoshli Shahzod B. va Shoxista B.,lar sodir etganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Shahzod B. va Shohista B.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida, o`g`irlab olingan uyali aloqa telefon apparatini ular “Malika” savdo majmuasida 550.000 so`m pul evaziga sotib yuborganliklari, bundan tashqari ushbu jinoyatni sodir etishga voyaga etmagan shaxsni jalb qilishganliklari ham aniqlangan.
Hozirgi vaqtda yuqorida ko`rsatib o`tilgan shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) va 127-moddasi 3-qismi (voyaga etmagan shaxsni g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan ayb e`lon qilinib, har biriga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.