Ushbu fojea Rossiyaning Taldom shahrida ro`y berdi. Ayolining iltimosi bilan uyda bolalariga qarab o`tirgan o`zbekistonlik erkak farzandini o`qlov bilan 26 marta urgan. Bola hayotdan ko`z yumgan. Bu haqda «MK» manbasi xabar berdi.
Ushbu yosh oila Zaprudnya posyolkasidagi uch qavatli uyda ijarada yashagan. Er-xotinlar kvartirada qolgan 6 va 4 yoshli ikki o`g`liga galma-galdan qarab turishib, ishga ham navbatma-navbat borib kelishgan.
2020 yil 3 avgust kuni farzandlarni olib qolish navbati 26 yoshli oila boshlig`iga keladi. Uning so`zlariga ko`ra, soat taxminan 16:00da bolalarni kiyintirib, koridorda kutib turishlarini aytgan. Ammo chiqib qarasa, ular gapga quloq solmay ko`chaga chiqib ketganlar. Shunda katta o`g`li zinadan yiqilib tushgan.
Bundan fig`oni falakka chiqqan otani bolalarning ko`z yoshlari ham, yalinishlari ham to`xtata olmagan. U keyinchalik o`g`illarini «ta`zirini berib, tarbiyalamoqchi bo`lgani»ni aytadi. Afsuski, bunday bag`ritoshlik kenjatoyning hayotiga zomin bo`ldi. Shifokorlarning aniqlashicha, 4 yoshli bolaga yog`och o`qlovdan juda ko`p jarohatlar etkazilgan, u travmatik shok holatiga tushib qolgan. Vrachlarning aytishicha, marhumning tanasida deyarli sog` joy qolmagan edi.
Sudda ko`z qonga to`lgan beshafqat ota o`z aybini tan olib, pushaymon ekanligini bildirgan. Erkakning aytishicha, ushbu hodisaga sog`lom turmush tarzi «aybdor» ekan. U ichish va chekishni tashlagandan keyin asabiy bo`lib qolgan emish. Shuning uchun o`zini tuta olmabdi.
Sud uni Jinoyat ishining tegishli moddasi bilan aybdor deb topib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Jazo qat`iy rejim ostidagi koloniyada o`talishi ko`rsatib o`tildi.






