Avvalroq, curxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga nisbatan tovlamachilik qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida ushlangani haqida xabar qilgandik. Fuqaro ishi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rasmiy bayonot berdi.
2021 yil 1 fevral kuni jinoyat ishlari bo`yicha Termiz shahar sudining yopiq sud majlisida Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda “bloger, faol fuqaro” deya tavsiflanayotgan O. S. ga nisbatan Termiz shahar prokuraturasining “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnomasi sud tomonidan ko`rib chiqilib, qanoatlantirilgan.
Jinoyat-prosessual kodeksining 242-moddasi (qamoqqa olish) talabiga muvofiq ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish Jinoyat kodeksida uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun Jinoyat kodeksida besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo`yicha qo`llaniladi.
Jinoyat-prosessual kodeksining 243-moddasi (qamoqqa olish yoki uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash tartibi) ga asosan qamoqqa olish yoki uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida ko`rib chiqiladi.
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha apellyasiya sudlov hay`atining 2021 yil 5 fevraldagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo`yicha Termiz shahar sudining 2021 yil 1 fevraldagi ajrimi o`zgarishsiz qoldirilgan.