2021 yil 6 fevral kuni internet tarmog`ida tarqalgan videoda ichki ishlar organlari xodimining formasida bo`lgan noma`lum shaxs avtotransport kapotida bo`la turib yo`l bo`ylab harakatlangan. Mazkur videlavhani suratga tushirishda qatnashgan shaxslar Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan aniqlangan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, 2021 yil 18 yanvar kuni 24 yoshli Abdurahmon Z. tanishi 24 yoshli Alim K. bilan birga videlavha suratga olish niyatida do`konlardan birida ichki ishlar organi xodimining formasini ijaraga olishgan, shuningdek bozordan yo`l-patrul xizmati xodimining jezliga o`xshash jezl ham xarid qilishgan. Mazkur shaxslar tanishi 34 yoshli Otabek K.dan «VAZ-2106» (davlat raqami 10 G 603 SA) rusumli avtomobilni vaqtinchalik foydalanish niyatida olishgan, ammo uni boshqarishga huquqlari bo`lmagan.
Shundan so`ng Yunusobod tumani Turg`unboev ko`chasi «Iftixor» mahallasida Alim K. ichki ishlar organi xodimining formasini kiygan holda qo`lida jezl bilan avtomobil kapotiga yotgan. Shu tarzda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining obro` va sha`nlariga zarar etkazuvchi videolavha suratga tushirilib, internet tarmog`ida tarqatilgan.
Ikkala shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183 moddasi («Mayda bezorilik») va 209 moddasi prim. 1 («Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish») bo`yicha ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, Abdurahmon Z.ga nisbatan transport vositasini ishonchnomasiz boshqargani uchun O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 135 moddasi («Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish») bo`yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil esa jarima maydonchasiga joylandi.
2021 yil 8 fevral kuni Yunusobod tumani jinoyat ishlari bo`yicha sudi tomonidan Alim K. va Abdurahmon Z.larga nisbatan besh sutkalik ma`muriy qamoq jazosi belgilandi.






