Avvalroq, 2 fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining kengaytirilgan hay`at yig`ilishida qo`mitaning bir qator xodimlari ishdan olingani va bu ro`yhatda qo`mitaning Matbuot xizmati kotibi Bunyod Abdullaev ham borligi xabar qilingan edi. Matbuot kotibi o`zining ham bu «ro`yxatga tushib qolishi»ga ikki hafta avval «yuqoridan kelgan g`alati topshiriq» sabab bo`lishi mumkinligini aytgandi.
Ayni paytda Bunyod Abdullaev ishdan ketganini ma`lum qildi.
"Bugun Davlat ekologiya qo`mitasidan ishdan ketdim. Qo`llab-quvvatlaganlarga katta rahmat! Batafsil keyinroq..." - deb yozib qoldirgan u.
Bir necha kundan beri OAV va sohaga yaiqn insonlar nazarida bo`layotgan ushbu masala yuzasidan Feysbukning Xalq bilan muloqot guruhida Nargis Qosimova fikr post qoldirdi:
“Ijobiy natijalarga erishayotgan xodim nega lavozimdan bo`shatildi? Ishchilarning yo`l va ovqat puli nega bekor qilindi?”
“O`zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining jamoatchilik va OAVlar bilan aloqalar bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan Bunyod Abdullaev O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Londondagi “Edgware” akademiyasini tugatgan. Mutaxassisligi xalqaro jurnalist. 2013 yilda internet festivalda va 2014 yilda “Oltin qalam” xalqaro tanlovida g`olib bo`lgan. U 2020 yilda ekologiya qo`mitasida faoliyat boshlagach, qisqa muddatda soha bo`yicha ko`zga ko`rinarli ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqda faollashib, ekologiyaga oid muammolar joyida hal qilina boshladi, OAVda sifatli targ`ibot olib borildi. Nafaqat respublikamizda, hatto viloyatlarda ham ekologiya yo`nalishidagi targ`ibot ishlari ancha rivojlandi. Lekin shuncha natijalarga erishganiga qaramasdan B.Abdullaevni nohaq ishdan olishdi. Yillik ko`rsatkichlar yuqori darajada bo`lsa, ijtimoiy tarmoqdagi tanqid va murojaatlar javobsiz qolmasdan ijobiy hal qilinayotgan bo`lsa, nima sababdan ishdan olishdi? Biz tizim xodimlari bundan norozimiz va B.Abdullaev lavozimida qolishini so`raymiz.
Ayni paytda ekologiya qo`mitasiga ilgari paxta sanoatda ishlagan shaxs rahbarlik qilmoqda. U kadrlarning ko`pini sobiq paxta sanoati vakillariga almashtirmoqda. Muammo shundaki, ularning aksari ekologiyani tushunmaydi.
Buning ustiga, ishchilar uchun yo`l va ovqat puli bekor qilindi. Ko`pchilik xodimlar kredit to`lab oila tebratadi. Moddiy etishmovchilik esa korrupsiyaga yo`l ochishi mumkin.
Qo`mita rahbariyati ishchilar moddiy rag`batiga ham e`tibor qaratadi degan umiddamiz".
Hozirga qadar Ekologiya qo`mitasi saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida bosh vazirning birinchi o`rinbosari ishtirokidagi yig`ilish haqida yoki Bunyod Abdullaev holatiga ham izoh berilganicha yo`q.
Shuningdek, bu bo`yicha Prezident administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining rasmiy bayonoti ham berilmadi.






