AsosiyJinoyat

Toshkent viloyatida YPX xodimiga pora bermoqchi bo`lgan haydovchi qo`lga olindi

'Toshkent viloyatida YPX xodimiga pora bermoqchi bo`lgan haydovchi qo`lga olindi'ning rasmi

2021 yilning 11 fevral kuni Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani xududidan o`tgan 4R6 “Toshkent-Chorbog`” avtomobil yo`lida xizmat olib borgan viloyat IIBB YHXB xodimi M.Turopov soat 11:20larda, Bo`stonliq tumani yo`nalishidan harakatlanib kelgan “Neksiya-3” rusumli avtomobilni to`xtatgan. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.

Me`yoriy hujjatlarini tekshirish davomida, haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan R.A.ning og`iz bo`shlig`idan spirtli ichimlik hidi kelganligi bois, YPX xodimi tekshirish uchun tibbiy ko`rikka taklif etgan.

Haydovchi R.A. mastlik holati bor yoki yo`qligini tekshirilishi uchun tibbiy ko`rikdan o`tishdan bosh tortgan. Ushbu holat xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib, haydovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 136-moddasi tartibida bayonnoma tuzilgan va avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Shundan so`ng, haydovchi R.A. unga nisbatan tuzilgan ma`muriy bayonnomani bekor qilish va avtomobilini jarima maydonchasidan olib chiqish evaziga YPX xodimiga 1.500.000 (bir million besh yuz ming) so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan. Xolat yuzasidan YPX xodimi bildirgi orqali viloyat IIBB boshlig`iga murojaat qilib, qonunda belgilangan tartibda chora ko`rilishini so`ragan.

Xodimning bildirgisi asosida, joriy yilning 11 fevral kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, Yuqorichirchiq tumani, Bolta qishlog`ida joylashgan jarima maydonchasida, soat 18:20larda, fuqaro R.A. YPX xodimiga 1.500.000 so`m (bir million besh yuz ming) so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Yuqorichirchiq tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar