AsosiyJamiyat

Sardoba suv omborini qayta qurish bo`yicha hukumat qarori qabul qilindi

'Sardoba suv omborini qayta qurish bo`yicha hukumat qarori qabul qilindi'ning rasmi

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborini qayta tiklash bo`yicha Vazirlar Mahkamasining yopiq (xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori qabul qilingan. Bu haqda Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Nasrulla Boboevga tayanib uzreport.news ma`lum qildi. 

Ta`kidlanishicha, qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari davom ettirilib, laboratoriya tahlillari, ilmiy-texnik izlanishlar davom etmoqda.

Suv omborini qayta qurish bo`yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo`lib, unga ko`ra obektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq mas`ul qurilish muddatlarini ochiqlay olmasligini bildirdi.

«Sababi — bu yopiq qaror bilan belgilangan. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas`ul xodimlar belgilangan. Reja bo`yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o`z ishini qilmoqda. Shuningdek, holat qo`shni davlatlarga ham taalluqli bo`lgani bois ilmiy o`rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir nechta mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o`z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi», — dedi Nasrulla Boboev.

Mazkur xabar bo`yicha qo`shimcha ma`lumot olish uchun Qurilish vazirligi Axborot xizmati rahbariga murojaat qildik. Axborot xizmati rahbari hozircha bu haqda batafsil ma`lumot bera olmasligini aytib o`tdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar