Joriy yil boshidan boshlab maktab direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda.
XTV xabariga ko`ra, natijalari bo`yicha "qizil" toifaga kiritilgan aksariyat maktab direktorlari lavozimidan ozod etilgani tufayli hozirgi kunda xalq ta`limi tizimidagi 617 ta (6,1 %) umumta`lim maktablarining direktor lavozimlariga direktorlarni tanlash va tayinlash jarayoni kechmoqda.
Tanlovda ishtirok etishni istagan nomzodlar ish.uzedu.uz (maktab ta`lim jarayonini boshqarish tizimi) sayti orqali ro`yxatdan o`tib vakant bo`lgan lavozimga so`ralgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etib boradilar.
Nomzodlar hududiy xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i nomenklaturasiga kiritilgan lavozimlarga tanlov o`tkazish bo`yicha komissiya tomonidan suhbatdan o`tkazilib mahalliy Kengash deputatlari muhokamasiga taqdim qilib borilmoqda.
Lavozimga tayinlangan yangi maktab direktorlari har yili Kengash oldida hisobot berib turadi.
Maktab direktorlarini lavozimga tayinlashning bu usuli maktablarda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish maqsadida amalga oshirilmoqda, - deyiladi xabarda.