2021 yil 23 fevral kuni Investisiya va tashqi savdo vazirligining Turkiya va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo`yicha imzolangan “yo`l xaritalari”ning savdo-iqtisodiy va investisiyaga oid qismi ijro etilishi to`g`risidagi axboroti eshitildi.
Yig`ilishda Turkiya bilan birgalikda 608,3 mln. dollarlik 49 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgani qayd etildi. Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari investisiyalarining qariyb yarmi muvaffaqiyatli o`zlashtirildi. Bu esa mamlakatimizning to`qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Yaponiya bo`yicha tuzilgan “Yo`l xaritasi” asosida 4,393 mln. AQSh dollariga teng 40 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Ushbu investisiyalarning jalb qilinishi mamlakatimiz energetika sohasini keng ko`lamli modernizasiyalashni boshlash imkonini berdi, bu yangi elektr stansiyalar qurilishini, shuningdek, yoqilg`i-energetika tarmog`iga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishini nazarda tutadi.
Majlisda, Sog`liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo`mitasi, “O`ztekstilsanoat” uyushmasi, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi va Surxondaryo viloyati hokimligining investisiya loyihalari bajarilmagan yoki ijro muddati bo`yicha jiddiy tarzda kechiktirilib bajarilayotgani aytildi.