Yaqindagina katta ekranlarga chiqib, o`zbek kinosida bir qator rekord natijalarni qayd etgan “Baron” filmi ko`p o`tmay “qaroqchilar” tomonidan qo`lma-qo`l qilib yuborildi. Kimdir filmni tanishining kompyuteridan “fleshka”siga ko`chirib olayotgan bo`lsa, kimdir ochiqchasiga “qaroqchi” DVD disklarini sotayotgan olg`irlardan xarid qilib tomosha qilmoqda.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida "Darakchi" nashri film rejissyori Rustam Sa`diev bilan bog`landi.
Rustam Sa`diev: — Tegishli mutasaddi idoralar vakillari shu masalada yig`ilish o`tkazib, ro`yxat asosida barcha bozorlarda maxsus reydlarni o`tkazish belgilab olindi. Hozirda ayrim bozorlarda o`tirib, filmni ko`chirib sotayotganldar aniqlangan. Agarda tomoshabinlar “Baron”ning davomi suratga olinishini istashsa, film ijodkorlariga hurmat ko`rsatib, uni kino zallarida tomosha qilishlari kerak. Bunga muxlislarning kino ijodkorlarga bo`lgan hurmat va minnatdorchiligi, deb qaraladi.
Rejissyorning ta`kidlashicha, kino ham san`at, ham sanoat. Filmga sarflangan mablag`larning qanchadir qismi qaytsa, ular kelgusida boshqa sifatli kinolarni suratga olishga sarflanadi.





