AsosiyJamiyat

Toshkentda umumiy uzunligi 495,55 metr bo`lgan yo`l o`tkazgich kapital ta`mirdan chiqdi

'Toshkentda umumiy uzunligi 495,55 metr bo`lgan yo`l o`tkazgich kapital ta`mirdan chiqdi'ning rasmi

Bugun, 4 mart kuni, Toshkent shahridagi Ahmad Donish ko`chasi bo`ylab Amir Temur ko`chasi bilan kesishgan joyda joylashgan avtomobillar uchun mo`ljallangan yo`l o`tkazgichda kapital ta`mirlash ishlari yakunlanib, to`liq xarakat yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zbekiston temir yo`llari Axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyiha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-3632-sonli qarori bilan tasdiqlangan avtomobil ko`priklari, yo`l o`tkazgichlar va boshqa sun`iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash doirasida amalga oshirildi. 

Ushbu dasturda yuqorida qayd etilgan yo`l o`tkazgichning loyiha-smeta hujjatlariga asosan 10,9 mlrd. so`m maxalliy byudjet hisobidan moliyalashtirish belgilangan. Ushbu yo`l o`tkazgichning umumiy uzunligi 495,55 metr, eni esa 31,34 metr, konstruksiya qismi 291,5 metr, yondashish yo`llarining uzunligi 165.8 metrni tashkil etadi. Yo`l o`tkazgich 1999-yilda qurilgan bo`lib, bugungi kunga qadar ta`mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Shu sababli, yo`l o`tkazgichning qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar, g`ildirak qaytargichlar, bezak plitalari, metall to`siq panjaralari, asfaltobeton qoplamalari hamda deformasion choklari yaroqsiz holga kelib qolgandi.

Ushbu ob`ektda ta`mirlash ishlari joriy yil 6 yanvar kuni boshlandi. “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tarkibidagi “Ko`prikqurilish” tresti tomonidan hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda, ushbu yo`l o`tkazgichni mukammal ta`mirlash ishlarini olib borishda, asosan, qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar almashtirildi hamda tayanch ustunlari, temir-beton qoplamalarining buzilgan joylari qayta tiklanmoqda, yo`l o`tkazgichning qatnov qismidagi yo`lni ajratib turuvchi quyma beton bloklar  o`rnatilmoqda, hamda 2163,7 tn. asfalt-beton qoplamasi yotqizishga tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Shuningdek, zamonaviy ko`rinishga ega, shahar arxitekturasiga mos keladigan, milliy andozalardan foydalangan holda yoritgich ustunlari, temir-beton g`ildirak qaytargichlar, hamda bezakli metall panjaralari va to`siqlar, temir-beton bezak plitalari o`rnatildi.

Boshqa yangiliklar