Joriy yilning 6 martdan 7 mart kuniga o`tar kechasi yarim tunda, Guliston shahrida joylashgan Sirdaryo viloyati Moliya bosh boshqarmasi ma`muriy binosida katta yong`in sodir bo`lganligi xususida xabar berilgandi.
«Sirdaryo Xabarlari» viloyat FVB Axborot xizmati bilan bog`langanida, ular tomonidan hodisa tafsilotlariga oid rasmiy ma`lumot taqdim etilishi ma`lum qilingandi. O`z navbatida viloyat FVB Axborot xizmati tomonidan tezkorlik bilan hodisa tafsilotlariga doir rasmiy xabar berildi.
"Joriy yilning 7 mart kuni soat 00:30da Guliston shahar, “Shodlik” MFYda joylashgan Sirdaryo viloyati Moliya bosh boshqarmasi kotib (qabulxona) xonasida yong`in sodir bo`lgan. Yong`indan xonaning taxminan 35 kv.m. maydonida shift qismi va xona jihozlari zararlangan. Yong`inga Guliston shahar FVBdan 2ta yong`in-qutqaruv ekipajlari soat 00:35da etib borib, yong`in soat 00:55da to`liq o`chirilgan. Yong`indan binoning taxminan 400 kv.m. maydoni saqlab qolingan. Voqea joyiga zudlik bilan, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig`i podpolkovnik G`.G`.Muxamedov, viloyat FVB TBM boshlig`i mayor S.Esirgapov, shahar FVB boshlig`i mayor A.Gazixodjaev va shahar FVB xodimlari chiqqan. Ushbu ob`ekt Guliston shahar FVB inspektori serjant G`.Boyniyozov tomonidan 2020 yil 15 dekabr kuni yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan o`rganilgan. Yong`in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda", — deyiladi xabarda.