Qirg`iziston O`zbekistonda joylashgan anklav hudud — So`x yo`lini ochishga, O`zbekiston esa Unkar-Tooni berishga tayyor. Bu haqda Qirg`iziston prezidentining matbuot kotibi Galina Bayterek Sadir Japarovning Toshkent shahriga tashrifi yakunlari haqida e`lon qilingan xabarda ma`lum qildi (biroz vaqt o`tgach xabar Qirg`iziston prezidenti saytidan olib tashlandi, biroq xabar AKIpress axborot agentligi tomonidan to`liq e`lon qilindi). Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
O`zbekiston-Qirg`iziston davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish masalalari bo`yicha har ikki tomon ham ushbu ishlarni keyingi uch oy ichida yakunlash kerakligi to`g`risida kelishib olishdi. Davlat chegarasini qonuniy ro`yxatdan o`tkazish chegara hududlarda barqarorlikni mustahkamlashga, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga imkon beradi, deya ta`kidladi u.
Galina Bayterekning ma`lum qilishicha, yaqin orada davlat chegarasidagi 7 ta nazorat punktlari faoliyati tiklanadi. Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekiston yuk tashish masalasini hal qilishga va agar kerak bo`lsa, punktlarni hujjatlarni skanerlash uchun tegishli uskunalar bilan ta`minlashga va`da bergan.
«Qirg`iziston tomoni Qirg`iziston hududida joylashgan O`zbekistonning So`x anklaviga transport va havo aloqasini ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasi orqali bemalol o`tishlari mumkin. O`z navbatida, O`zbekiston Qirg`izistonga shu vaqtgacha chegara hududi aholisi o`rtasida nizo va siyosiy ziddiyat bo`lib kelgan Unkar-Too hududini berishga tayyor», — dedi matbuot kotibi.
Davlat chegaralarini delimitasiya qilish bilan bog`liq qolgan bahsli masalalarni maxsus komissiya hal qiladi, deyiladi xabarda.