Farg`ona viloyatining Quva tumanida profilaktika inspektoriga pora bermoqchi bo`lgan shaxs ushlandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, 4 mart kuni fuqaro S.Z. Quva tumani IIB profilaktika inspektori T.Z.ga murojaat qilib, noqonuniy ravishda shar`iy nikoh o`qiganligi sababli o`ziga nisbatan to`plangan hujjatlar yuzasidan chora ko`rmaslik evaziga 2 million so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Inspektor S.Z.ni pora berish jinoyat ekanligi va javobgarlikka tortilishi haqida bir necha marotaba ogohlantirib, bu yo`ldan qaytarishga harakat qilinishiga qaramay, fuqaro pora taklif qilishda davom etgan.
Holat yuzasidan IIV O`XB Farg`ona viloyati bo`yicha bo`limi hamda Bosh prokuraturi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Quva tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida S.Z. Quva tumani IIB profilaktika inspektori T.Z.ning xizmat xonasida kelishilgan pullardan 1 million 200 ming so`mni pora tariqasida bergan vaqtida ushlangan. Pullar xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, Quva tumani prokuraturasiga yuborilgan.






